Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
Har yig‘inning o‘z ziyo maskani bor
13 Dec 2017

Bugun Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida faoliyat yuritayotgan 60 ta mahalla fuqarolar yig‘inining barchasida faollarning samarali ishlashi uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilgan. Ayniqsa, «Uzunqishloq» mahalla fuqarolar yig‘inining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisining ish xonasi doimo gavjum.

Boisi bu yerga tashrif buyurgan aholi nafaqat ma’naviy-ma’rifiy sohada tushuncha oladi, balki mo‘‘jaz kutubxonadagi kitoblar yordamida bilimlarini oshiradi, turmushdagi muammolariga javob topadi.

— Yoshligimdan kitob o‘qishga qiziqaman, — deydi «Uzunqishloq» mahalla fuqarolar yig‘inining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shahzoda Mahkamova. — Shu bois kitob hayotimdagi hamrohimga aylangan. Hozirgacha to‘plagan kitoblarim mingdan oshdi. O’tgan yili kitoblarimni yig‘inga olib kelib, xonamda kichik kutubxona tashkil qildim. Mahalladoshlarimga o‘qigan asarlarim, kitoblarim haqida so‘zlab, ularni mutolaaga undayman. Natija yaxshi. Kitob so‘rab keladiganlar safi kengaydi. Ziyoli mahalladoshlarim ushbu xayrli ishga bosh qo‘shib, shaxsiy kitoblarni kutubxonamizga keltirishdi. Shu asnoda mahallamizda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikka, mutolaaga qiziqish yuksalmoqda. Bu tashabbusimizni hududimizdagi 21- hamda 48-umumta’lim maktablari faollari ham qo‘llab-quvvatlashdi. Ayni paytda ushbu ixchamgina kutubxonamizdagi kitob fondi uch mingdan ortdi.

Ma’naviyati yuksak, dunyoqarashi keng farzandlarni har qanday xatar aslo mag‘lub eta olmaydi. Tarixiy ildizlari va ma’naviy qadriyatlaridan uzilmagan, kitob mutolaasiga mehri baland avlod Vatanimiz taraqqiyotini ta’minlashga qodir inson sifatida shakllanadi.

— Prezidentimizning joriy yil 13 sentyabrdagi «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida»gi qarori mazkur yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarimizni yangi bosqichga ko‘tardi, — deydi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Kosonsoy tumani kengashi bosh mutaxassisi Muborak To‘raxo‘jayeva. — Ushbu qaror ijrosi doirasida har bir mahallada yig‘inning o‘z kutubxonasi bo‘lishini ta’minlaganmiz. Bu esa faollarning aholi o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni olib borish, targ‘ibot tadbirlari ta’sirchanligini oshirishda qo‘l kelayotir. Bundan tashqari, «Eng kitobxon oila», «Eng yosh kitobxon» tanlovlari muntazam o‘tkazilayotir. Kitobga mehr qo‘ygan farzand aslo ota-onani behurmat qilmaydi, jinoyat ko‘chasiga qadam bosmaydi. Kitobga oshno inson har sohada yoshlarga maslahat va yo‘l-yo‘riq ko‘rsata oladi.

Bugun mahallada fuqarolar yig‘inining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisining vazifasiga kirmaydigan ishning o‘zi yo‘q. Bunday keng qamrovli faoliyatda, shubhasiz, bebaho xazina hisoblanmish kitobning yordami beqiyos. Shu bois, eng avvalo, maslahatchilarning o‘zlari kitobxon bo‘lsalargina, boshqalarda bu mehrni kuchaytiradilar.


Manba: Ilhomjon RAHMATOV «Mahalla» / Ko'rishlar: 103

So'rov

Bizning saytimiz sizga yoqdimi?
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech