Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
Tomorqaning har qarichi tilloga teng
13 Dec 2017

Serquyosh yurtimizning tuprog‘i unumdor. Shu bois har yili mirishkor dehqonlarimiz yetishtirgan meva-sabzavot, poliz mahsulotlari, g‘allayu oq oltinning xirmoni baland, qishin-yozin bozorlarimiz to‘la, dasturxonlarimiz barokatli.

Buning yana bir asosi mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini tubdan isloh qilish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasidir. Chunonchi, shu yil 9 oktyabrda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilingani yo‘nalishdagi yangiliklarni amalga oshirishda muhim dasturilamal bo‘ldi. Ayniqsa, bu so‘nggi bir yil davomida xonadonlar tomorqalaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari yuqori natijalarga erishishda qanot bo‘ldi.

Prezidentimiz kuni-kecha O’zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbirdagi nutqida ham bu masalaga alohida to‘xtaldi. Davlatimiz rahbari sohada erishilayotgan yutuqlar, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar haqida so‘z yuritar ekan, endilikda uyma-uy yurib, aholiga tomorqadan samarali foydalanish yuzasidan zarur tavsiya va amaliy yordam berish mexanizmini ishlab chiqish lozimligini ta’kidladi.

Hududlarda ushbu vazifa ijrosini ta’minlashda fuqarolar yig‘inlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish «Maslahat markazi»ning o‘rni alohida. Chunonchi, mahallamizda aholi o‘rtasida o‘tkazilayotgan tushuntirish ishlarimiz natijasida tomorqasidan omilkorlik bilan foydalanib, mo‘may daromad olayotgan mirishkor oilalar safi yildan-yilga kengaymoqda. Tomorqalarimizda meva-sabzavot, kartoshka, ko‘kat, pomidor, bodring va boshqa mahsulotlar yetishtirilyapti. Quvonarlisi, bu sarxil noz-ne’matlar nafaqat mahalliy bozorlarimiz rastalarini to‘ldirmoqda, balki xorij mamlakatlariga ham eksport qilinmoqda. Xususan, bir yilda tomorqasidan 2 marta hosil yig‘ayotgan mahalladoshimiz Rustam Ibrohimov yetishtirayotgan pomidorlar Rossiya bozorlarida ham xaridorgir.

Tomorqada sitrus mevalar yetishtirishning hadisini olgan Zufar Nurmuhammedovning limonlarini xaridorlar issiqxonadan chiqmasidan olib ketishadi. Abdusamat Ibrohimov yetishtirayotgan gul ko‘chatlari shahrimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shmoqda. Chetdan olib kelib, mahalliy sharoitga moslashtirilgan chiroyli gul navlari xonadon to‘kinligini ham ta’minlamoqda.

Mahallada shu yil tomorqasini rivojlantirish istagidagi 3 nafar fuqaroga urug‘, ko‘chat va boshqa kerakli jihozlar xarid qilishlari uchun imtiyozli bank kreditlari olishga ko‘maklashdik. Shu tariqa shaxsiy tomorqalar aholimizning ishonchli daromad manbaiga aylanmoqda. Eng muhimi, yig‘inimizda chetga ish izlab ketish, oilaviy ajrim singari salbiy holatlar kuzatilmayapti. Kam ta’minlanganlar soni esa keyingi yillarda ikki hissaga kamaydi.

Davlatimiz rahbari o‘z ma’ruzalarida har qarich yer — davlatning, demakki, xalqimizning bebaho boyligi hisoblanishini, undan noqonuniy, o‘zboshimchalik bilan foydalanishga hech kimning haqqi yo‘qligini alohida ta’kidladi. Bugun shu oddiy haqiqatni tushunib yetmagan yoki tushunishni va unga amal qilishni istamayotganlar hamon uchrayotgani biz, faollar aholi orasida yerdan unumli foydalanish haqida tushuntirish ishlarini yetarlicha olib bormayotganimizdan darak. Shu bois faollar, «Maslahat markazi» hamda yig‘in qoshidagi Tadbirkorlik faoliyati va oilaviy biznesni rivojlantirish masalalari bo‘yicha komissiyasi a’zolari bilan birgalikda aholi orasida tomorqadan unumli foydalanish madaniyatini oshirish borasida kelgusidagi ishlar rejasini belgilab oldik.

Aslida omilkor odamga tomorqa bamisoli xazina. Unga mehr bersa, nafaqat ro‘zg‘orini but qiladi, balki yurt farovonligi va obodligini ta’minlashga ham munosib hissa qo‘shadi.


Manba: Ravshan ABDUAZIMOV, Toshkent shahri Yunusobod tumani «Hasanboy» mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ul kotibi, «Maslahat markazi» rahbari. / Ko'rishlar: 104

So'rov

Bizning saytimiz sizga yoqdimi?
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech