Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
Buyuk kelajagimiz bugundan boshlanadi
13 Dec 2017

Bu yil O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yillik tantanalari va unda Prezidentimizning chiqishlarini har safargidan o‘zgacha bo‘lishini kutgan edim, shunday ham bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining ma’ruzasida so‘nggi bir yilda yurtimizda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, kelgusidagi vazifalar belgilandi.

Barqarorlikni ta’minlash, aholi turmush sharoitini yanada yaxshilash, joylardagi muammo va kamchiliklarni bartaraf qilish, jamiyatda qonuniylikni qaror toptirish va boshqa ko‘plab masalalar ma’ruzaning asosini tashkil etdi. Va shu o‘rinda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari oldidagi dolzarb vazifalar belgilandi.

Bulardan eng asosiysi, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, buning uchun esa ko‘plab muammolarni hal etish masalasidir.

Bugun mahallalarda sodir bo‘layotgan jinoyatlarning asosiy qismi ish bilan band bo‘lmagan aholi tomonidan sodir etilmoqda. Afsuski, buning katta qismi yoshlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu esa ularning bandligini ta’minlash kechiktirib bo‘lmas masala ekanligini anglatadi.

Qachonki, inson biror foydali va halol mehnat bilan mashg‘ul bo‘lar ekan nojo‘ya xatti-harakatlarga vaqt ham, jur’at ham topmaydi. Tadbirkorlikni rivojlantirish, buning uchun barcha zarur choralarni ko‘rish esa muammoning asosiy yechimidir.

To‘g‘ri, shu kungacha aholi o‘rtasida tarmoqni rivojlantirish, ayniqsa, tomorqalardan samarali foydalanish borasida birmuncha ishlar amalga oshirildi.

Imtiyozli kreditlar ajratish, urug‘lik, mineral o‘g‘itlar yetkazib berish va boshqa tomorqa tadbirkorligi bilan bog‘liq tashkiliy ishlar qilindi. Biroq jamiyatdagi ayni vaziyatdan shu narsa ma’lum bo‘ldiki, bu boradagi ishlar yetarli emas. Nazarimizda — hali-hanuz soha rivoji yo‘lida to‘siqlar mavjud. Shu bois ham Prezidentimiz har bir chiqishida tadbirkor yo‘liga to‘siq bo‘lishni davlat siyosatiga xiyonat deb qabul qilish kerak degan fikrni qayta-qayta ta’kidlayapti.

Shu o‘rinda aholini ish bilan band qilishi mumkin bo‘lgan tomorqalardan foydalanish masalasiga to‘xtalishni istardim. Tan olish kerak, aksariyat xonadonlarda bunga arzimagan masala sifatida e’tibor qaratilmayapti. Bo‘sh yotgan yerlar ham ko‘p. Endilikda ulardan maqsadli foydalanishni yo‘lga qo‘yish uchun tomorqa yerlarini ijaraga berish tizimini joriy qilmoqchimiz. Bunda o‘z tomorqasidan salmoqli daromad topayotgan kishilar xonadonlardagi bo‘sh yotgan yerlardan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

Albatta, bu ishlarni amalga oshirish uchun mahalla raisidan tortib faollargacha fidoyi bo‘lishi lozim.

Eng achinarlisi, yillar davomida ongi qotib qolgan rahbarlarni qo‘zg‘atish, ularni harakatga keltirish, bugungi islohotlar oqimiga qo‘shish qiyin kechmoqda. Albatta, bu gaplar aksariyat fuqarolar yig‘inlari raislari va mahallaning boshqa faollariga ham taalluqlidir. Shu bois ham oldimizga qo‘yilgan vazifalar, belgilangan chora-tadbirlarni to‘la amalga oshirish oqsamoqda. Mahallalar qoshida jamoatchilik asosida tuzilgan komissiyalar ishidan ham odamlarning ko‘ngli to‘lmayapti. Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tuzilgan komissiyani biroz harakatda deyish mumkin, u ham bo‘lsa, zarurat yuzasidan. Ming afsuski, qolgan komissiyalar ko‘ngildagidek ishlamayapti. Aksariyat komissiyalarga biriktirilgan a’zolarning o‘zlari bundan bexabar bo‘lgan hollar ham mavjud.

Bugun hukumatimiz tomonidan jinoyat sodir etilmagan mahalla profilaktika inspektorlarini rag‘batlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shundan kelib chiqib biz ham komissiyalar ishini yaxshilash, samaradorlikka erishish, eng asosiysi, ularni harakatga keltirish maqsadida ishda faollik ko‘rsatgan, oilalar ajralishiga yo‘l qo‘ymagan, mahallasida voyaga yetmaganlar, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va boshqa noxush holatlar yuz bermagan tegishli komissiya a’zolarini moddiy rag‘batlantirish tizimini yo‘lga qo‘yish masalasini ko‘rib chiqyapmiz.

Mahalla fuqarolar yig‘inlari faoliyatini yanada yaxshilash, uning ishlash prinsiplarini soddalashtirish maqsadida yagona baza orqali boshqa tashkilotlar bilan elektron ma’lumot almashish tizimini joriy etmoqchimiz. Shunda fuqaro arzimagan ma’lumotnoma olish uchun ham kunlab vaqt yo‘qotishi yoki sarson bo‘lishiga barham beriladi, mahalla idorasiga kelishga hojat qolmaydi.

Xulosa shuki, barcha tizimlar qatori fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari oldida ham muhim vazifalar turibdi. Buning uchun esa bugun qo‘lga kiritayotgan yutuqlarimizdan havolanib, xotirjamlikka berilmasligimiz, aksincha, Prezidentimiz aytganidek, biz o‘z faoliyatimizni «Buyuk kelajagimiz bugundan boshlanadi» degan shior asosida tashkil etishimiz, xalqimizning farovon hayotini ta’minlash uchun bor kuch va salohiyatimizni ishga solishimiz zarur.


Manba: Hakimjon HAMIDOV, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Toshkent viloyati kengashi raisining birinchi o‘rinbosari. / Ko'rishlar: 101

So'rov

Bizning saytimiz sizga yoqdimi?
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech