Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
Buyuk kelajagimiz bugundan boshlanadi
13 Dec 2017

Prezidentimizning Bosh Qomusimizning 25 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiridagi «Konstitutsiya — erkin va farovon hayotimiz, mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirishning mustahkam poydevoridir» nomli ma’ruzasini barcha yurtdoshlarimiz qatori men ham bayramona ruhda, katta qiziqish bilan tingladim.

Ma’ruzada inson manfaati, yurt taraqqiyoti yo‘lida qilinayotgan va qilinishi zarur bo‘lgan biror-bir yo‘nalish e’tibordan chetda qolmagan. Birgina yoshlarga oid yo‘nalishni olib qaraydigan bo‘lsak, mamlakatimizda yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, Vatanimiz taqdiri va istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir yoshlarni tarbiyalash borasida nechog‘li katta ishlar amalga oshirilayotgani va oshirilishi lozim bo‘lgan masalalar qayd etilgan.

Prezidentimiz so‘nggi bir yil ichida mamlakat yoshlari bilan qanday ishlash kerakligini ko‘rsatib, ko‘plab farmon va qarorlar qabul qildi. Hattoki, mahallada ham yoshlar bilash ishlash uchun mahalla fuqarolar yig‘ini raisining o‘rinbosari — yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy etildi. Bu yurtimizda yoshlar ta’lim-tarbiyasiga qanchalik katta e’tibor qaratilayotganining yana bir amaliy isbotidir.

Darhaqiqat, mamlakatimiz aholisining 60 foizidan ziyodini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etishini inobatga olsak, davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarga oid qabul qilinayotgan farmon va qarorlar naqadar muhim ekanligini ta’kidlash lozim.

Biroq yoshlar masalasi bilan shug‘ullanuvchi davlat va jamoat tashkilotlari qatori biz, faollar ham yaratilayotgan imkoniyat va sharoitlarga qaramay o‘z vazifalarimizni to‘laqonli ado etolmayapmiz. Hamon yoshlar orasida huquqbuzarliklar sodir etilmoqda, ishsizlik muammosi, ta’lim muassasalaridagi davomat, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalasi ham ko‘ngildagidek emas.

Bunday og‘riqli nuqtalarimiz ma’ruzada ham o‘z isbotini topdi. Biz, faollar mavjud muammolarni bartaraf etish uchun, avvalo, mahalla yoshlari bilan dildan muloqot o‘tkazib, ularning qiziqish va intilishlarini, qiynayotgan muammolarini tinglashimiz kerak. So‘ngra aniqlangan masalalar yechimini topish uchun birinchi navbatda, «Oila — mahalla — ta’lim muassasasi» hamkorligidagi ishlarimizni qog‘ozda emas, ko‘proq amalda ko‘rsatishimiz kerak. Bu masalaga yoshlar ta’lim-tarbiyasiga mas’ul bo‘lgan davlat va jamoat tashkilotlari vakillarini ham keng jalb etsak samarali kechadi. Ayniqsa, fuqarolar yig‘ini raisining o‘rinbosari — yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchi, «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasi rahbari, profilaktika inspektori, Yoshlar ittifoqining ta’lim muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilot yetakchisi bilan mustahkam hamkorlik o‘rnatsak ko‘pgina masalalarni mahallaning o‘zida hal etishimiz mumkin. Hamkorlikda ishlanyapti, lekin amaliy natijalar kam. Yo‘qsa, ko‘plab yoshlarimiz ishsiz bo‘lib yurmasdi, huquqbuzarliklar ham uchramasdi. O’quvchilar darsdan bo‘sh vaqtlarini internet-kafelarda emas, aksincha, fan, sport, hunar o‘rgatadigan to‘garaklarda o‘tkazgan bo‘lardi.

Kuni-kecha Prezidentimiz ma’ruzasini o‘rganish va mazmun-mohiyatini yoshlarga yetkazish orqali ana shunday dolzarb masalalarni hal etish maqsadida yig‘in hududida joylashgan 39-maktabda tadbir o‘tkazdik. Tadbir yakunida har chorshanba kuni maktabda, har juma kuni kollejimizda «Yoshlar kuni»ni o‘tkazishni belgilab oldik. Sportga qiziquvchi o‘quvchi-yoshlarni hududimizdagi kurash sport majmuasiga jalb etdik, tikish-bichishni o‘rganishni istagan o‘quvchilarni esa «ustoz-shogird» asosida yig‘in binosida faoliyat yuritayotgan tikuvchilik sexida mehnat qilayotgan mohir tikuvchilarga biriktirdik.

Tadbir davomida shu narsaga yana bir bor amin bo‘ldimki, yoshlarimiz bilan doimiy muloqotda bo‘lib, ularning qiziqish va intilishlarini o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlasak, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsata olsakkina davlatimiz rahbari qo‘yayotgan talablarga erishimiz mumkin. Zero, ilmli, bilimli, kasb-hunarli yoshlar kelajagimiz bunyodkorlaridir.


Manba: Artiqgul YeRYeJYePOVA, Nukus shahar «Navbahor» mahalla fuqarolar yig‘ini raisining o‘rinbosari — yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchi. / Ko'rishlar: 105

So'rov

Bizning saytimiz sizga yoqdimi?
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech