Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
Buyuk kelajagimiz bugundan boshlanadi
13 Dec 2017

Tantanali marosimdagi Yurtboshimizning ma’ruzasini tinglab, bu nutqni xalq bilan dildan qilingan suhbat, samimiy muloqot deb atagim keldi. Birgina mahalla institutiga berilayotgan keng imkoniyat va e’tibordan mahalla tizimi xodimi sifatida ko‘nglim tog‘dek yuksaldi. Ayni chog‘da zalvorli va sharafli mas’uliyat yukini his qildim.

Meni, ayniqsa, davlatimiz rahbarining aslida odamni sud qilishdan maqsad uni tarbiyalash, to‘g‘ri yo‘lga solish emasmi, deya savol qo‘ygani o‘ylantirib qo‘ydi.

To‘g‘ri yo‘ldan chekingan, adashgan, nojoiz qadam bosgan insonlarni bizda kim tarbiyalagan, kim to‘g‘ri yo‘lga boshlagan, bu borada ota-bobolarimiz qanday yo‘l tutgan? Keng jamoatchilik, ya’ni mahalla emasmi?! Ana shu asosda ish ko‘rsak, sa’y-harakatlarimiz xayrli bo‘lishi shubhasiz. Bu aslida azal-azaldan xalqimiz an’anasiga aylangan milliy turmush tarzimiz asosidir.

Agar eslasak, bundan 20-30 yil burun ham ko‘cha-ko‘yda yosh-yalangning biror nojo‘ya ishini ko‘rgan kattalar bee’tibor o‘tmasdi. Bugun-chi? Men senga tegmayman, sen menga tegma, degan qoidani yaratib olganmiz go‘yo.

Bugun ana shunday muhitni mahallalarga qaytarish lozim. Balki yoshi katta nuroniy otaxon va onaxonlar, buva-buvilar, din peshvolarining darslarini tashkil etish kerakdir.

To‘g‘ri, hozir ham bunday tadbirlar uyushtirilmoqda, o‘tkazilmoqda. Ammo aksariyat hollarda samimiy o‘tmagani uchun ham biz kutgan natijani bermayotir.

Urganch shahrida 140 ming nafar aholi 38 ta mahallada umrguzaronlik qiladi. Kundan-kunga chiroy ochib borayotgan shahrimiz mahallalarining 70 foizida yakuniga yetayotgan yil davomida huquqbuzarlik va jinoyatchilik holatlari kamaydi. Aytish joizki, joriy yilda ichki ishlar idoralarini xalqqa yaqinlashtirish, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish maqsadida shahrimizda namunaviy tarzda to‘rtta hududda shahar ichki ishlar organi bo‘limi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ya’ni har bir ichki ishlar bo‘limi o‘z hududidagi 10-12 ta mahalla fuqarolar yig‘ini raisi bilan tunu kun bevosita hamkorlikda faoliyat yuritadi.

Bugun jinoyatchilikning oldini olish maqsadida yangi dastur va rejalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilayotir. Xususan, respublika miqyosida mahallalar, ko‘chalar, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida 114 mingdan ortiq videokuzatuv vositasi o‘rnatilgan. Ularning yordamida 10 mingga yaqin jinoyat fosh etilgan. Buning natijasida jinoyatchilik darajasi 2016 yilga nisbatan 14 foizga kamaygan.

Shuningdek, profilaktika inspektorining mahalla aholisi bilan yonma-yon yashashi uchun xizmat uylari va imtiyozli kredit asosida avtomashinalar bilan ta’minlanayotgani huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir bo‘lgandan keyin aybdorlarni qidirish emas, balki bunday salbiy holatlarning oldini olish borasida emin-erkin faoliyat yuritishiga asos bo‘lib xizmat qiladi.

Shuningdek, yangi yildan boshlab jinoyat sodir etilmayotgan mahalla profilaktika inspektorining oylik ish haqiga 50 foiz ustama qo‘shib berilishi, aksincha, o‘z hududida jinoyatning ko‘payishiga yo‘l qo‘ygan profilaktika inspektorining oyligidan esa 50 foiz ushlab qolinishi tizimdagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim o‘rin tutishi shubhasiz.

Mahalla — tarbiya maskani. Mahalla ta’siri, mahalla o‘giti bilan ne-ne salbiy holatlarning oldini olishga erishish, xulqi yomonlarni o‘zgartirish mumkin. Biz, «mahalla nima derkan», degan andishada o‘z moddiy manfaatidan kecha oladigan oriyatli ajdodlar avlodimiz. Prezidentimiz nutqida qayd etilganidek, bugun huquqbuzarliklarning oqibati bilan kurashish emas, balki noqonuniy harakatlar sodir etilishining barvaqt oldini olish eng dolzarb vazifaga aylandi. Ana shunga muvofiq ish ko‘rsak, joylardagi muammolar, salbiy vaziyatlar o‘z-o‘zidan barham topadi, mahalla institutining nufuzi yanada ortaveradi.


Manba: Bahodir OTAJONOV, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Urganch shahar kengashi raisining birinchi o‘rinbosari. / Ko'rishlar: 112

So'rov

Bizning saytimiz sizga yoqdimi?
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech