Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
Buyuk kelajagimiz bugundan boshlanadi
13 Dec 2017

Vaqtning yugurikligini qarang. Bosh Qomusimiz qabul qilinganiga ham roppa-rosa 25 yil to‘ldi. Bu — tarix uchun bir lahza, xolos. Qanchadan-qancha dovonlarni oshib o‘tdik, oldimizda yana qancha marralar turibdi.

Mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganiga 25 yil to‘lishi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tantanada Prezidentimizning so‘zlagan nutqini kuzata turib, beixtiyor bugun jamiyatimizda yig‘ilib qolgan muammolar, ularning yechimi xususida o‘ylab qoldim.

«...insonni faqat jazolash bilan, faqat repressiv usullar bilan tarbiyalab bo‘lmaydi. Buni hayotning o‘zi ko‘p bor isbotlagan. Insonni tarbiyalash uchun butun jamiyat harakat qilishi, avvalambor, jinoiy holatlarni tug‘diradigan sabab va omillarni hayotimizdan bartaraf etishimiz kerak. Barchamiz birgalikda shu ishga hissa qo‘shishimiz kerak».

Yurtboshimizning ushbu so‘zlari har qanday aqli raso kishini fikrlashga undashi tabiiy. Darhaqiqat, jamiyatda nima uchun jinoyat sodir etiladi? Odam nima uchun jinoyatga qo‘l uradi, nega oilasi, farzandlari ham ko‘ziga ko‘rinmay jinoyat ko‘chasiga kiradi? Sabab bitta: uning atrofdagilar bilmagan yoki bilsa ham dardiga malham bo‘lmagan muammosi bor! Uni o‘rganish, muammolariga yechim topishda esa mahallaning ishtiroki har doim muhim ahamiyatga ega.

Endilikda jazo muddatini o‘tab qaytgan yoki jinoyat qilishga moyil bo‘lganlarning har biriga mahalla faollari va uy boshilaridan bir kishini murabbiy sifatida tayinlash amaliyotini joriy etish maqsadga muvofiqdir. Uning yurish-turishi, yashash sharoiti, hayot tarzi doimiy nazoratda bo‘ladi. Ayniqsa, nazoratdagi insonning ruhiy hamda jismoniy salomatligini kuzatib borish ahamiyatlidir. Buning uchun esa ruhshunoslarni ham bu ishga jalb qilish, vaqti-vaqti bilan suhbatlar tashkil etish lozim.

Jinoyatchilikning oldini olishda eng muhim omillardan biri bu — bandlik masalasidir. Ushbu muammoni bartaraf etmay turib, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha ko‘zlangan natijalarga erishib bo‘lmaydi. Bandlikka ko‘maklashish markazlari bilan hamkorlikdagi ishlarni yanada jonlantirish zarur.

Bu borada yana mahallalarda xalq bilan muloqotlarni ko‘paytirish, ularni qiynayotgan muammolarga yechim topish tizimini yo‘lga qo‘yish lozim.

Tadbirlar shunchaki hisobot uchun emas, aksincha belgilangan maqsadga xizmat qilishi shart. Buning uchun esa mahallada monitoring olib borish kerak. Monitoring davomida odamlarning turmush sharoitidan tortib, nima ish bilan mashg‘ulligi, kerak bo‘lsa ro‘zg‘orining kam-ko‘stigacha o‘rganish kerak. Shunda mahalladagi har bir xonadon haqida ikir-chikir bo‘lsa-da, to‘liq ma’lumotga ega bo‘lamiz.

Yana bir og‘riqli mavzu — ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan, firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlar kamaymayapti. Bunday jinoyatlarning asosiy sabablari fuqarolik munosabatlari — oldi-berdi va oldi-sotdi ishlari qonun doirasida amalga oshirilmayotganidir. Bu borada ham mahalla vaziyatdan voqif bo‘lishi shart. Oldi-sotdi masalalarida mahallaning notarius idoralariga ma’lumot berish tizimini yo‘lga qo‘yish kerak. Shunda bunday jinoyat turlarining oldini olish mumkin.

Sayyor sud majlislarini mahallalarda o‘tkazish amaliyotini yanada kengaytirish zarur. Ularda nafaqat aybdorga jazo tayinlanishi, balki sodir etilgan jinoiy qilmishning kelib chiqish sabablarini tahlil qilinishi aholining huquqiy savodxonligini oshiradi.

Yana bir muhim masala shuki, har bir mahalla faoli o‘z faoliyatiga tanqidiy baho bera olishi zarur. Buning uchun esa u keng mushohadali, mahalla ishini yaxshi biladigan inson bo‘lishi lozim. Ba’zida yo‘l-yo‘lakay mahalla faollari qatoriga qo‘shilib qolgan kishilar ham ishning oldinga siljishiga xalaqit beradi. Buning uchun mahallada jamoatchilik asosida ishlaydigan faollarni ham xalq tomonidan saylanishini yo‘lga qo‘yish zarur.

Bugun oldimizga qo‘yilgan dolzarb vazifalar «yuki» ijro va natija bilangina yengillashini har birimiz his etsakkina ishda samaradorlik bo‘lishi muqarrar.


Manba: Malohat ISOQOVA, Chilonzor tumanidagi «Dilobod» mahalla fuqarolar yig‘inining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi. / Ko'rishlar: 147

So'rov

Bizning saytimiz sizga yoqdimi?
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech