Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
ENG NAMUNALI OILALAR ANIQLANDI
13 Dec 2017

Oila – jamiyat tayanchi, kuchli davlatning mustahkam poydevoridir. Har bir mamlakatning taraqqiyoti oilalar farovonligi, unda voyaga yetayotgan farzandlarning sog‘lom va barkamolligi bilan bog‘liq. Shu bois yurtimizda oila institutini yanada mustahkamlash, uning jamiyat hayotida mas’uliyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilishi natijasida namunali oilalar safi yil sayin kengayib bormoqda.

Oilaning jamiyat hayotidagi o‘rnini yanada mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy manfaatlarini himoya qilish, ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, moddiy farovonligini yuksaltirish, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashda nufuzini yanada oshirish maqsadida mamlakatimizda har yili an’anaviy tarzda “Eng namunali oila” ko‘rik-tanlovi o‘tkazib kelinmoqda.

O’zbek Milliy akademik drama teatrida bo‘lib o‘tgan “Eng namunali oila” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichida asosiy e’tibor namunali oilalar targ‘iboti, uning jamiyatdagi o‘rni, oilaviy munosabatlar, ahillik, milliy rasm-rusumlar ifodasiga qaratildi.

O’zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi boshqaruvi, O’zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, “Nuroniy” jamg‘armasi va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tanlovda viloyat bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 14 ta oila qatnashdi.

– Respublikamiz aholisining 98 foizi oilalarda istiqomat qiladi, – deydi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi raisining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Dilshoda Mirzajonova. – Yurtimizda baxtli oilalarning tobora ko‘payib borishida fuqarolar yig‘inlarining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari hamda yig‘inlar qoshida tashkil etilgan Yarashtirish, Xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha komissiyalar a’zolarining alohida o‘rni bor. Negaki, ushbu lavozimda hayot tajribasiga ega kayvonilar faoliyat yuritayotgani oilaviy ajrimlarning kamayishiga hamda qaynona-kelin munosabatlari yaxshilanishiga xizmat qilmoqda. Joriy yilgi “Eng namunali oila” ko‘rik-tanlovi har qachongidan ham yuqori saviyada tashkil etildi. Negaki, tanlovda ishtirok etgan oila a’zolari o‘zlarining shaxsiy ibratlari, ayniqsa, milliy an’ana va qadriyatlarimiz asosida barkamol avlodni tarbiyalash borasidagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Tanlovning mazmun-mohiyati ham oilalarda barchaga ibrat bo‘ladigan an’analarni davom ettirishga qaratilgan. Uning hududiy saralash bosqichlarida 15 ming 624 oila ishtirok etdi. Unda oilalarning hayotiy tajribasi, oilada ota-onaning o‘rni, farzandlar munosabati, kitobxonlik darajasi, farzandlarni mehnatga o‘rgatish ko‘nikmasi, milliy qadriyatlarni bilishi, sog‘lom hayot tarziga rioya etish, oila a’zolarining mahalla va jamoat ishlaridagi ishtiroki kabi jihatlar inobatga olindi. “Mehribon qaynona”, “Kitobsevar oila” nominatsiyalari bo‘yicha ham ibratli oilalarni barchaga namuna qilib ko‘rsatishga harakat qilindi.

Ishtirokchilar “Oilalarning tanishtiruv chiqishlari”, “Biz — kitobxon oilamiz” va “Oila mustahkamligi – yurt tinchligi” shartlari bo‘yicha o‘zaro bahslashdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, Buxoro viloyatidan Sa’diyevlar oilasi birinchi o‘ringa loyiq topildi. Ikkinchi o‘rin Toshkent shahridan Qodirovlar oilasiga, uchinchi o‘rin Samarqand viloyatidan Rajabovlar oilasiga nasib etdi.

– Bugungi shiddatli hayot har bir oila a’zosidan ma’naviy komillikni talab etmoqda, – deydi tanlov g‘olibi Nigora Latipova. – Ma’rifiy yuksak oilaning jamiyatda o‘rni baland va obro‘li bo‘ladi. Oilamiz bilan tanlov shartlarini bajarishda aynan shu jihatlarga e’tibor qaratdik. Turmush o‘rtog‘im Hikmatulla Sa’diyev harbiylikdan nafaqaga chiqqan. Besh farzand tarbiyalab, voyaga yetkazdik. O’zim ayni paytda Romiton tumanidagi 3-umumta’lim maktabida mehnat qilaman. Uchinchi shart bo‘yicha oila a’zolarimiz bilan “Gumroh” deb nomlangan videorolikni tayyorlab, unda oiladagi mehrsizlik, farzand tarbiyasiga e’tiborsizlik, mafkuraviy illatlar kabi muammolarni olib chiqdik va barchani ogohlikka undadik.

Xalqimizga xos milliy urf-odat va an’analarning bardavomligi, tarix hamda kelajakning uzviyligi, asosan, oila bilan bog‘liqdir. Shu bois uning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlashga, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylab, kelgusi avlodlarga yetkazishda “Eng namunali oila” ko‘rik-tanlovi muhim ahamiyat kasb etmoqda.

G’oliblar va tanlovning faol ishtirokchilari “Kitobsevar oila”, “Sportchi oila”, “Ishbilarmon oila”, “Mehribon qaynona”, “Ahil oila”, “Saxovatli oila”, “Ibratli kelin”, “Fayzli oila” nominatsiyalari bo‘yicha hamkor tashkilotlar tomonidan taqdirlandi.

G’oliblarga “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi tomonidan qimmatbaho sovg‘alar berildi.


Manba: T.NIZOMOV / Ko'rishlar: 103

So'rov

Bizning saytimiz sizga yoqdimi?
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech