Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
Mahalla markazi foydalanishga topshirildi
13 Dec 2017

Bugungi kunda dunyoda noyob hamda betakror tuzilma deya e’tirof etilayotgan mahalla instituti yurtimizda fuqarolik jamiyatini barpo etishning asosiy tayanchi hisoblanadi.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 3 fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mahallalar ravnaqida yangi ufqni ochdi. Bu institut bugun xalqning eng yaqin maslakdoshi hamda ko‘makdoshiga, chinakam tayanchi va suyanchiga aylanmoqda.

Farmonda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Samarqand viloyati kengashining yangi binosi qurib bitkazildi. Kuni kecha, ya’ni eng ulug‘, eng aziz ayyom — Vatanimiz mustaqilligining yigirma olti yillik bayrami arafasida ushbu bino foydalanishga topshirildi.

Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika hamda hududiy kengashlar mutasaddilari, mahalla faollari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ikki qavatli zamonaviy va muhtasham binoning qurilishi va jihozlanishiga jami 1 milliard 122 million 526 ming so‘m mablag‘ sarflandi. Bino o‘zining ko‘rkamligi, me’moriy qiyofasi, zamonaviy shaharsozlikning o‘ziga xos va Samarqand shahriga mos namunasi ekanligi bilan alohida ajralib turadi.

Binoning birinchi qavatida Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Samarqand shahar kengashi ijro apparati hamda G’iyosiddin Jamshid nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini joylashgan.

Ochilish marosimida so‘z olganlar ushbu bino Mustaqillik shodiyonalari arafasida qad rostlagani bayramga munosib tuhfa bo‘lganini, endilikda mahalla tizimida xizmat qilayotgan xodimlarning faoliyati yanada yuksalishini alohida ta’kidladilar.

Samarqand viloyatida har oyning oxirgi shanbasi “Mahalla kuni” deb e’lon qilingan. Shu kuni hududdagi barcha 1089 ta mahalla fuqarolar yig‘inida kengash yig‘ilishlari o‘tkaziladi. Davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlarining hisobotlari eshitiladi. Ayni paytda viloyatimizda 1089 ta mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyat yuritmoqda. Ularning faoliyatini muvofiqlashtirib borish, mahallalar hayotini yangi bosqichga ko‘tarishda yangi barpo etilgan bino ishimizni yanada yengillashtiradi. “Maslakdosh, yelkadosh, raqobatdosh” loyihasi asosida shahar va tumanlarda yonma-yon joylashgan ikkita mahallaning har jihatdan yanada ravnaq toptirishga harakat qilinyapti.

Tadbir so‘ngida muhtasham koshonani barpo etgan quruvchilarga minnatdorlik bildirilib, ularga sovg‘a-salomlar topshirildi.

Ochilish marosimida Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Shavkat Javlonov ishtirok etdi.


Manba: Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi Axborot xizmati. / Ko'rishlar: 96

So'rov

Bizning saytimiz sizga yoqdimi?
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech