Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
13 Dec 2017

Qishloq chekkasidagi uydan chiqayotgan shovqinga hech kim e’tibor bermas, er-xotinning har kungi o‘zaro janjallashishiga hamma ko‘nikib qolgandi. Lekin bir kun kelib bu xonadonda shovqin tinib, kimdir yo‘qlik sari yuz tutishini hech kim xayoliga ham keltirmagandi.

Afsuski, shunday bo‘ldi. Mast holda uyga kelgan er qo‘liga pichoq olib, ayolining duch kelgan joyiga uraverdi... O’ziga kelgach, qilmishining oqibatidan qo‘rqib, murdaga benzin sepib yoqib yubordi. Bu voqea yaqinda Xorazm viloyatining Urganch tumani Bekobod qishlog‘ida ro‘y berdi.

Aslida shunday bo‘lmasligi mumkin edi, degan o‘y odamga tinchlik bermaydi. Qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘y er-xotinning o‘zaro nizosiga befarq qaramaganida, ularning muammosiga yechim topishga ko‘maklashganda bu mudhish voqea sodir bo‘lmasdi, axir!

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 noyabr kuni huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ham oilaviy mojarolar, qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasidagi oddiy kelishmovchiliklar og‘ir jinoyatlarga sabab bo‘layotgani, bunda joylardagi mutasaddilar shu yo‘nalishda yetarlicha ish olib bormayotganini qat’iy tanqid ostiga olgandi.

Joriy yilning 10 oyida sodir etilgan qotillik jinoyatlarining 165 tasi er-xotin va qaynona-kelinlar o‘rtasida, 66 tasi qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasida oddiygina maishiy kelishmovchiliklar oqibatida kelib chiqqan.

2017 yil 16 noyabr kuni Buxoro shahrida yashovchi B.K. o‘z uyida o‘rtog‘i A.A. bilan spirtli ichimlik ichishadi. Mast bo‘lib qolgan ikki o‘rtoqning oddiy gap talashib qolishi janjalga aylanadi. Uy egasi mehmonning ko‘kragiga pichoq urib, unga og‘ir tan jarohati yetkazadi. Bo‘kalik N.X. esa jahl ustida o‘z singlisining qorniga pichoq sanchgan. Qarshilik N.A. o‘z eriga tan jarohati yetkazgan.

O’ylab qolasan: nahotki qo‘liga pichoq olib o‘zgalar hayotini mahv etishga chog‘lanayotgan shu odamlar o‘z yurtdoshlarimiz bo‘lsa? Axir bu mehr-oqibati bilan dunyoni o‘ziga qarata olgan xalqimizga butunlay yot-ku. Qotillikdan ham tap tortmayotgan odamlar qayerdaki bor bo‘lsa, shu yerda jamoatchilik, huquq-tartibot organlari sustkashlikka yo‘l qo‘ygan, demak.

O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligidan ma’lum qilishlaricha, o‘tgan hafta davomida mamlakatimiz hududida jami 561 jinoyat qayd etilgan. Ularning 14 tasini qotillik, 12 tasini qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, 151 tasini o‘g‘irlik, 122 tasini firibgarlik, 60 tasini narkotik moddalar bilan bog‘liq va boshqa jinoyatlar tashkil etgan.

Sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha tuzilgan tergov-tezkor guruhlari izchil faoliyati natijasida qariyb 83 foiz jinoyat “izi yo‘qolmasdan” fosh etilgan. Jinoyat sodir etganlarning 405 nafari doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan, 74 nafari muqaddam sudlangan, 13 nafari voyaga yetmagan shaxsligi aniqlangan. Qidiruvda yurgan 126 shaxs ushlangan.

Jinoyatlarning tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, ro‘y bergan qotilliklar oila-turmush munosabatlari doirasida, qarindoshlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarga barham berilmaganligi oqibatida Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida sodir etilishiga yo‘l qo‘yilgan. Yanada ayanchlisi shundaki, jinoyatga qo‘l urayotganlarning ko‘pchiligi o‘z ish joyiga ega emas. Gap yana shu odamlar yashaydigan hudud mutasaddilari, mahalla faollari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va hokimlikka borib taqalmoqda. Chunki ishsizlikka chora ko‘rilganda, har bir odam bilan alohida ish olib borish amaliyoti ishlayotgan bo‘lganida, haftalik sodir bo‘lgan jinoyat qariyb 80 foizga kamayishi mumkin edi, deyishmoqda mutaxassislar.

Davlatimiz rahbari ham aynan shu maqsadni amalga oshirishni, mutasaddilarning har bir xonadonga kirib borib, muammolarni yechish ustida bosh qotirishini talab qilmoqda. Bu esa jinoyatchilikning oldini olishdagi eng muhim omildir.

Hali oq va qorani yaxshi ajrata olmaydigan voyaga yetmaganlar kattalarning doimiy nazoratida bo‘lishi, tarbiyasi uchun barchaning birdek mas’ulligi davr taqozosiga aylandi. Amalda esa voyaga yetmaganlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazilishi ustidan yetarli darajada nazorat o‘rnatilmaganligi sababli ular tomonidan jinoyatga qo‘l urish holatlari uchrab turibdi.

Norin tumanida shunday noxush voqea ro‘y berdi. Bir guruh voyaga yetmaganlar yuziga niqob kiygan holda hovlilardan biriga kirishadi. Uy egasining yuzini hushdan ketkazuvchi suyuqlik sepilgan mato bilan yopib, uning tilla taqinchoqlarini yechib olishadi... Tezkor tadbirlar natijasida mazkur jinoyat fosh etildi.

Huquq-tartibot idoralari tomonidan jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyat sodir qilgan shaxslar bilan murosasiz kurashish, huquqbuzarlarga nisbatan qat’iy munosabat bildirish maqsadida muntazam ravishda jinoyatlarning batafsil muhokamalari o‘tkazib borilayotir. Aniqlanayotgan kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.


Manba: Norgul Abduraimova / Ko'rishlar: 79

So'rov

Bizning saytimiz sizga yoqdimi?
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech