Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
13 Dec 2017

Bugungi o‘ta tahlikali davrda goh pinhona, goh oshkora turli xurujlar avj olayotgan bir paytda yoshlar ongu shuurini egallashga bo‘layotgan mislsiz kurashlar ko‘payayotgan zamonda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash har qachongidan ham o‘ta dolzarb vazifa bo‘lib turibdi. Chunonchi, ayni paytda dunyoda bo‘layotgan talato‘plar, qonli to‘qnashuv va boshboshdoqliklarga teran nazar tashlagan yurtdoshimiz borki, undan xulosa chiqarib, Vatanimiz tinchligini asrashga astoydil harakat qiladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 noyabr kuni mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi barchamizni yana bir bor ogohlik hamda hushyorlikka chorladi.

Yig‘ilishda yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatchilik masalasi batafsil muhokama qilinib, bu borada ahvol tashvishlanarli ekani qayd etildi. Xususan, joriy yilning 10 oyi davomida yoshlarning 22 ming nafari jinoyatga qo‘l urgani, eng achinarlisi, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari tomonidan 875 ta, maktab o‘quvchilari tomonidan esa 310 ta og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etilgani barchamizni tashvishga soldi.

Xo‘sh, nima qilmoq kerak, bu illatlarning ildizini qirqishda qanday yo‘l tutgan ma’qul?

Avvalo, bugun yoshlar tarbiyasida mas’uliyatni faqat ota-ona yoki ta’lim muassasasi mutasaddisi emas, balki keng jamoatchilik o‘z zimmasiga olishi kerak. Hozir befarq, loqayd, boqibeg‘am bo‘lishga hech kimning haqqi yo‘q.

Har bir mahalladoshimiz ongida “Mening mahallamda jinoyat sodir bo‘lmasligi kerak” degan tuyg‘uni shakllantirishimiz lozim. Shu maqsadda O’zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlik Memorandumini imzolab, mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorligini ta’minlash, huquq-tartibotni mustahkamlash borasida mahalla faollari profilaktika inspektorlari birgalikda amalga oshiriladigan ishlarni belgilab oldik.

Namangan shahridagi “Orzu” mahallasining ijobiy tajribasidan samarali foydalanish natijasida viloyatning 160 ta, Xorazmda “Jamoatchilik nazorat maskanlari” faoliyati yo‘lga qo‘yilishi evaziga 198 ta mahallani jinoyatdan xoli hududga aylantirdik.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikni jilovlash maqsadida Namangan shahridagi “Orzu” hamda Parkent tumanidagi “Markaziy” mahallasidagi “Hamkorlik tizimi” mamlakatimizning barcha mahallalarida yo‘lga qo‘yildi.

Xuddi shunday, har bitta mahallada “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi rahbari va a’zolaridan iborat tunu kun navbatchilikni tashkil etish maqsadida “Jamoatchilik nazorat maskanlari” faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Xorazm, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari misolida o‘rganib, mazkur tajriba barcha mahallalarda ommalashtirilmoqda.

Mahallalarda huquqbuzarliklarning oldini olishda “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi imkoniyatlaridan keng foydalanishga harakat qilyapmiz. Bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirish, posbonlarning aholi o‘rtasidagi nufuzini oshirish maqsadida «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasidan tuman (shahar) ichki ishlar bo‘limlariga zaxira kadrlar tayyorlab borish maqsadida hududiy kengashlar va hududiy Ichki ishlar boshqarmalari bilan hamkorlikda qo‘shma qarorlar tasdiqlandi.

Huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini olish, bunday holatlarga zamin yaratayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish bo‘yicha O’zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda «Harakatlar formulasi» tasdiqlandi.

Afsuski, aksariyat huquqbuzarlik va jinoyatlar ishsizlik, bekorchilik oqibatida kelib chiqadi. Shu bois davlatimiz rahbari videoselektor yig‘ilishida asosiy e’tiborni shunga qaratib, jinoyat sodir etganlarning 16 mingdan ziyodi yoki har to‘rttadan bittasi ishsiz ekanini ta’kidladi.

Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarning bandligini ta’minlash maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda 2017 yilning o‘tgan 9 oyi davomida 60 015 nafar fuqaro ish bilan ta’minlandi. Shuningdek, hamkorlikda tashkil etilgan 1000 martaga yaqin mehnat yarmarkalar orqali 41878 nafar fuqaroga ishga joylashish uchun yo‘llanma berildi.

Yana bir og‘riqli nuqtaga to‘xtalib o‘tmasdan ilojimiz yo‘q. Bu — yoshlar masalasi. Har qadamda farzandlarimizni turli xurujlardan asrash kerak, deb ko‘p gapiramizu, biroq amalda buning aksi bo‘layotgani ham bor haqiqat. Shu bois yig‘ilishda Preidentimiz joriy yilning 10 oyi davomida yoshlarning 22 ming nafari jinoyatga qo‘l urganini, bu raqam jinoyat sodir etgan jami shaxslar ko‘rsatkichining uchdan bir qismini tashkil qilishini ta’kidladi. Shu bilan birga, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari tomonidan 875 ta, maktab o‘quvchilari tomonidan esa 310 ta og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etilgani kishini tashvishga soladi.

Xo‘sh, nima qilish kerak? Avvalo, “Oila — mahalla — ta’lim muassasasi” hamkorligini yanada kuchaytirish, “Ota-onalar universiteti” faoliyatini jonlantirish kerak. Mahallalar raislarining yoshlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari — maslahatchisi ham ishlaydigan vaqti keldi. Ular ham Vtoyaga yetmaganlar, yoshlar va sport masalalari o‘yicha komissiyalar a’zolari bilan jon kuydirishi zarur.

Huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikni erta bartaraf etishda mahalla fuqarolar yig‘ini faollari va ichki ishlar profilaktika nozirlari o‘rtasidagi hamkorlik katta ahamiyatga ega.

Shu maqsadda profilaktika nozirlarini mahalla fuqarolar yig‘inining ichki ishlar idoralaridagi vakili sifatida faoliyat olib borishini ta’minlash uchun huquqiy-me’yoriy asoslarni yaratish ishlariga katta ahamiyat qaratilmoqda. Bu borada O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda “Hududda jinoyatchilikning oldini olish, ularni sodir etilishi sabablari va shart-sharoitlarini muhokama qilishni tashkil etish” to‘g‘risida hamda “Ichki ishlar organlari tayanch punktlari mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va profilaktika inspektorining aholi oldida hisobot berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash” bo‘yicha Qo‘shma qarorlari imzolandi.

Shu bilan bir qatorda aholining huquqiy savodxonlik darajasini oshirish, huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini olish ishlariga keng jalb etish maqsadida respublikamizning barcha tuman va shaharlarida 2017 yil 13-18 noyabr kunlari “Mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish mexanizmlari” mavzusida o‘quv seminarlari tashkil etildi. Ushbu o‘quv seminarlarning ikkinchi bosqichini 20-25 noyabr kunlari fuqarolar yig‘inlarida ham tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Tan olib aytish kerakki, joylarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni jilovlash borasidagi ishlarimiz bugungi kun talablariga to‘liq javob beradi, deya olmaymiz. Bunga mahallalarda jamoatchilik nazorati to‘liq yo‘lga qo‘yilmaganini, mahalla xodimlari, ayniqsa, posbonlar haligacha mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishda tashabbus ko‘rsatolmayotganini asosiy sabab sifatida ko‘rsatish mumkin.

Afsuski, hanuzgacha oramizda boqibeg‘am, loqayd, beparvo fuqarolar, hatto mahalla faollari ham uchrab turibdi. “Menga nima, mahalla va davlat bor-ku, qarasin-da”, qabilidagi loqaydlik illatlaridan qutula olmayapmiz. Buning oqibatida turli xil ko‘ngilsiz holatlar, huquqbuzarlik va jinoyatchiliklar urchib boryapti.

Muxtasar aytganda, “O’z bolangni o‘zing asra!”, degan shiorni faoliyatimizning asosiy mezoniga aylantirsak, mahallalarda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlashni barchamiz o‘z burchimiz, deb bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilsak, yuksak marralarga erishishimizga shubha yo‘q.


Manba: Azimjon MIRZAJONOV, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari. / Ko'rishlar: 76

So'rov

Bizning saytimiz sizga yoqdimi?
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech