Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
Intilish va imkoniyat cheklanmagan
13 Dec 2017

Oyoq harakatlari, kombinatsion hujumlar ketma-ketligi, darvozabon mahorati barcha-barchasi o‘zaro uyg‘un. Faqat bu maydonda o‘zaro muloqot vositasi ovoz, so‘z emas, ko‘z va nigohlarda amalga oshadi.

Himoyadan uzatilgan to‘pni kim hujum chizig‘iga yetkazadi, kim darvozaga yo‘llaydi — barchasi ko‘z qarashlarda anglashiladi. Bu mahoratni to‘liq o‘zlashtirganlar, aslida imkoniyati cheklangan emas, imkoniyati cheksiz insonlardir. Ular bizdan-da ko‘proq ishlarga qodir, irodasi mustahkam, o‘z kuchiga ishonchi baland, ko‘zlagan marrasi esa osmonlarga bo‘ylashadi.

— Kar va zaif eshituvchi sportchilarga eng yaxshi madad uning ruhiyatini ko‘tarishdir, — deydi O’zbekiston karlar sport federatsiyasi raisi Dilbar Karimova. — Bugun yurtimizda shunday insonlarga tayanch bo‘lish, ularni jamiyatning faol qatlamiga aylantirish borasida talay ishlar qilinmoqda. Shu yil 1 dekabrda Prezidentimiz imzolagan «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ayni shu sa’y-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Farmonda nogironlarga qulay hayotni ta’minlash uchun qo‘shimcha sharoit yaratish, ularning jamiyatda to‘liq va teng huquqli ishtirokini ta’minlash kabi masalalarga e’tibor qaratilgani, ayniqsa, quvonarli. Tabiiyki, berilayotgan e’tibor, ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar ular hayotiga nur olib kiradi.

Yurtimizda sportga mehr qo‘ygan imkoniyati cheklangan insonlarni qo‘llab-quvvatlash, o‘z qobiliyatlarini namoyish etishi uchun ham barcha sharoitlar yaratilgan. Mashg‘ulotlarni malakali murabbiylar o‘tkazishmoqda. Natijada sportchilarimiz turli xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etishyapti.

Aslida ular erishayotgan yutuqlar mehr-muhabbat va ruhiy daldaning mevasi. Chunonchi, Tailand mezbonlik qilgan 18 yoshgacha bo‘lgan futzal bo‘yicha eshitish imkoniyati cheklanganlar o‘rtasidagi jahon chempionati (U-18 World Deaf Futsal Championship)da sportchilarimiz mustahkam iroda egasi ekanliklarini amalda isbotlashdi. Hamyurtlarimiz Qozog‘iston, Indoneziya, Tailand, Quvayt, Rossiya, Germaniya, Shvetsiya terma jamoalariga munosib qarshilik ko‘rsatishdi. Shu tariqa O’zbekiston terma jamoasi futzal bo‘yicha eshitish imkoniyati cheklanganlar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘olibiga aylandi.

— Insonda biron layoqat yetishmasa, unda boshqa qobiliyat yaxshiroq rivojlanadi, — deydi terma jamoa bosh murabbiyi Murod Ahmedov. — Zaif eshituvchilar ko‘rgan narsasini darhol ilg‘ab oladi, diqqatni bir yerga jamlab, jismoniy imkoniyatlaridan unumli foydalanadi. Biz murabbiylarning vazifamiz — ana shu qobiliyatni to‘g‘ri rivojlantirishdan iborat. Shundagina yaxshi natijalarga erishishimiz mumkin. Mashg‘ulotlarda sportchilarni jismoniy mashqlar bilan toblash barobarida ularning ruhiy olamiga yaqinroq bo‘lishga intilamiz. Bu amalda, alohida ehtiyojli bolalarning o‘z qobig‘idan chiqishiga, ulardagi qo‘shimcha imkoniyatlarning namoyon bo‘lishiga yordam beradi. Murabbiy hamda sportchi o‘rtasida ishonchli aloqa o‘rnatilmas ekan, biron natija qo‘lga kiritilmaydi.

Murabbiy haq gapni aytdi. Mana shunday samimiy muloqot o‘rnatilgani bois ham yurtdoshlarimiz futzal maydonlarida mahoratini to‘liq namoyon eta olishdi.

Chempionat davomida terma jamoamiz g‘alabasiga munosib hissa qo‘shgan Jaloliddin Qarshiyev Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumani «Oliy himmat» mahallasidan. Yoshligidan odamovi, boshqalardan o‘zini olib qochadigan bolakayning sportga mehri mahallasi maydonlarida uyg‘ongan.

Otasi Bahodir Yormatov farzandidagi bu holatga befarq qaray olmadi. 5 yoshga to‘lganida unga futbol to‘pi sovg‘a qildi. O’shanda sevinchi ichiga sig‘magan bolakay to‘pni quchoqlab tong ottirgandi. Shundan so‘ng Jaloliddin futbol o‘yinlarini diqqat bilan kuzatib, ko‘rganlarini takrorlay boshladi. Maxsus maktab-internatida esa uning futboldagi mahorati ustozlari tiliga tushdi. Maydondagi dastlabki o‘yinini mahalla chempionatida boshlagan yosh sportchi avvaliga xatolarga yo‘l qo‘ydi. Ammo keyingi o‘yinlar Jaloliddinga katta maydonlarda asqatadigan saboqlarni berdi. Mana shu tajribalar jahon chemiponatida J. Qarshiyevga qo‘l keldi. U raqiblar darvozasini 12 marotaba bexato nishonga olib, chempionat to‘purariga aylandi. Bu bilan u nafaqat ota-onasi, mahalladoshlari, balki yurtdoshlarimiz qalbini faxrga to‘ldirdi.


Manba: S.MAXSUMOVA / Ko'rishlar: 102

So'rov

Bizning saytimiz sizga yoqdimi?
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech