Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
Osiyoning eng yaxshi sportchisi
13 Dec 2017

Xorazmlik Sevinch Salayeva maktabni tugatganida otasi uning sportga qiziqishini payqab, Urganch olimpiya zaxiralari kollejiga olib bordi. Dzyudo bilan shug‘ullana boshlagan Sevinch sport sirlarini puxta egallab, 2013 yilda O’zbekiston terma jamoasi a’zosi bo‘ldi.

Sevinch Salayeva 2011 yili viloyatda Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan turnirda ilk bor gilamga tushib, ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edi. Birinchi musobaqadayoq sovrindor bo‘lgani o‘z ustida yanada ko‘proq ishlashga undadi.

— Dzyudo sportchidan nafaqat jismonan yetuklikni, balki ichki xotirjamlikni ham talab qiladi, — deydi murabbiy Alfiya Ibragimova. — O’ziga ishongan insongina buni uddalaydi. Dzyudo bilan shug‘ullanish istagida kelgan yoshlarda, avvalo, mana shu xususiyatni shakllantirishga harakat qilamiz. Sevinch Salayeva bunga erisha olgan shogirdlarimdan.

2014 yil Sevinch uchun muvaffaqiyatli bo‘ldi. Shu yili Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tgan XVII yozgi Osiyo o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritdi va yilning eng yaxshi sportchisi nominatsiyasiga ega bo‘ldi. 2016 yil Braziliyadagi Gran-pri turnirida hamda Xitoyning Donguan shahridagi ochiq chempionatda ikkinchi o‘rinni, Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tgan XV yozgi Paralimpiya o‘yinlarida bronza medalni qo‘lga kiritdi va davlatimiz rahbari tomonidan «Jasorat» medali bilan taqdirlandi. Joriy yilda Toshkentda o‘tgan Osiyo chempionatida Sevinch Salayeva birinchi o‘rinni egallab, ikki karra Osiyo chempioni degan yuksak sharaf sohibasiga aylandi.

— Dzyudo bilan shug‘ullanayotganimga yetti yil bo‘ldi, — deydi Sevinch. — Mashg‘ulotlar yugurish, sakrash, futbol, basketbol kabi bir nechta sport turlari mashqlarini bajargan holda o‘tkaziladi. Shu bois dzyudo bilan shug‘ullanish kishini har jihatdan toblaydi.

Sevinch tibbiy hamshiralik sir-asrorlarini ham qunt bilan egalladi. Shuning uchun mahalla ahli uni «Kattabog‘»ning qo‘li yengil hamshirasi deya alqaydi. Oilasida esa mohir pazanda. Bo‘sh vaqt topdi, deguncha mutolaaga sho‘ng‘iydi.

Sportchining yosh bo‘lishiga qaramasdan jamiyatda o‘z o‘rnini topgani, shijoati va hayotga teran boqishi, maqsad sari tinimsiz intilishi ko‘pchilikka ibrat. Albatta, yurtning ana shunday To‘maris misol qizlari, Alpomishkelbatli o‘g‘lonlari bor ekan, Vatanimiz dovrug‘i yanada yuksalaveradi.


Manba: J.Tursunova / Ko'rishlar: 106

So'rov

Bizning saytimiz sizga yoqdimi?
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech